Xitoydan Yevropaga 3 kunda: Qozog'iston 35 mlrd dollarlik yangi marshrutni ishga tushirmoqda

Xitoydan Yevropaga 3 kunda: Qozog'iston 35 mlrd dollarlik yangi marshrutni ishga tushirmoqda

Manba: akorda.kz

Qozog'iston Xitoy va Yevropa o'rtasidagi O'rta koridorni mustahkamlash uchun transport infratuzilmasiga ulkan investitsiyalar kiritmoqda. Mamlakatda yangi yo'llar, temiryo'llar qurilib, port va aeroportlar modernizatsiya qilinmoqda. Bu haqda “Zakon.kz” xabar berdi.

Qozog'iston Beyneu—Saksaul avtomobil yo'li qurilishini boshladi. Prezident Qosim-Jo'mart To'qayevning ta'kidlashicha, bu yo'l Xitoy va Yevropani bog'laydigan “oltin ko'prik”ka aylanadi. Loyiha yakunlangach, yuk tashish masofasi 1000 kilometrga, yetkazib berish vaqti esa 3 kungacha qisqaradi.

So'nggi yetti yilda Qozog'iston transport infratuzilmasiga qariyb 35 milliard dollar investitsiya kiritdi. Natijada O'rta koridor bo'ylab yuk tashish hajmi 5 barobarga oshib, 2025-yilda 4,5 million tonnadan oshdi.

Temiryo'llar va raqamlashtirish

Yaqinda Do'stlik—Mo'yinti temiryo'lining ikkinchi tarmog'i qurib bitkazildi (1 milliard dollar). Bu poyezdlar o'tkazuvchanligini kuniga 12 tadan 60 juftgacha oshirdi. Shuningdek, Olmaota atrofida 75 kilometrlik chetlab o'tish temiryo'li va 300 kilometrlik Ayag'oz—Baqti yo'nalishi qurilmoqda. Xorgos quruqlikdagi porti ham kengaytirildi.

Parallel ravishda bojxona tartib-taomillari va raqamli tizimlar tartibga solindi. Endi konteynerlar Xitoydan Gruziya portlarigacha bor-yo'g'i 11–13 kunda yetib bormoqda.

Avtomobil yo'llari va aviatsiya

Mamlakatda G'arbiy Yevropa—G'arbiy Xitoy yo'lagining 2787 kilometrlik qismi modernizatsiya qilindi. TRACE dasturi doirasida yo'llarni kengaytirishga 1,5 milliard dollardan ortiq mablag' yo'naltirildi. Bu tranzit vaqtini 11 kundan 5 kungacha qisqartiradi.

Aviatsiya sohasi ham jadal rivojlanmoqda. 2025-yilda Qozog'iston aeroportlari 32 millionga yaqin yo'lovchi va 173 ming tonna yukka xizmat ko'rsatdi. Olmaota va Ostona aeroportlari kengaytirilmoqda. Ostonaga Cargolux va Pacific Cargo kabi dunyoning yirik yuk tashuvchi aviakompaniyalari parvozlarni yo'lga qo'ydi. 2026-yilda xalqaro yo'nalishlar soni 135 taga yetkaziladi.

Kaspiy portlari va 2030-yilgacha bo'lgan strategiya

Oqtov va Qurik portlari modernizatsiya qilindi. Oqtovda yangi konteyner habi qurildi. Portlarning umumiy quvvati yiliga 21,6 million tonnadan oshdi. Bu infratuzilma Ozarbayjon va Gruziya portlari hamda Boku—Tbilisi—Qars temiryo'li bilan integratsiya qilinmoqda.

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) ma'lumotlariga ko'ra, Xitoy va Yevropa o'rtasidagi quruqlikdagi yuk tashishning 83 foizi Qozog'iston hisobiga to'g'ri kelmoqda. Mamlakat 2030-yilgacha mo'ljallangan strategiya asosida Yevrosiyoning asosiy transport-logistika habiga aylanishni maqsad qilgan.