Maxachev qachon faoliyatini yakunlaydi?
Yarim o‘rta vazn toifasida UFC chempioni Islom Maxachev aralash yakkakurashlardagi motivatsiyasi haqida gapirdi.
“Men uchun mag‘lubiyatga uchramagan holda faoliyatimni yakunlash, kamarni boy bermaslik va chempion sifatida qolish muhim. Bu qachon sodir bo‘lishini bilmayman, chunki chempion bo‘lish juda yoqimli. Doimiy ravishda formada bo‘lish, oktagonda jang qilish, yigitlar bilan safarlarga chiqish menga zavq bag‘ishlaydi. Hozir ikki-uch oy dam oldim, ammo bunday hayot ham tezda jonga tegadi. Faoliyatimni tugatganimdan keyin ham shunday bo‘lishi mumkin. Padel o‘ynayman, mototsikl minaman, ot boqaman, fermada ishlayman — bularning barchasi ham bir kun kelib zerikarli bo‘lib qoladi. Ammo butun umr shug‘ullangan ishing hech qachon jonga tegmaydi”, dedi Maxachev.
Eslatib o‘tamiz, Islom Maxachev 2025-yili avstraliyalik Jek Della Maddalenani mag‘lub etib, yarim o‘rta vazn toifasidagi UFC kamarini qo‘lga kiritgan edi. Bundan avval u yengil vazn toifasida ham UFC chempioni bo‘lgan. 34 yoshli rossiyalik jangchining oktagonga qaytishi avgust oyida kutilmoqda. Uning eng ehtimoliy raqibi irlandiyalik Ian Machado Garri hisoblanadi.
Manba: Getty Images
Manba: Getty Images




