O‘zbekistonlik ayol karatechi tarixda ilk bor Jahon chempioni bo‘ldi

O‘zbekistonlik ayol karatechi tarixda ilk bor Jahon chempioni bo‘ldi

Misrning Qohira shahrida o‘tayotgan karate bo‘yicha Jahon chempionatida -50 kg vazn toifasida ishtirok etgan Gulshan Alimardonova tarixiy natijaga erishdi. U turnirdagi barcha raqiblarini mag‘lub etib, jahon chempionligini qo‘lga kiritdi.

U finalda malayziyalik Shahmalarani Chandranni 6:1 hisobida mag‘lub etdi. Sport Vazirligi bergan xabarga ko‘ra, Gulshan Alimardonova bu natija orqali O‘zbekiston sporti tarixiga ayol karatechilar orasida ilk Jahon chempioni sifatida qayd etildi. 

Shu paytgacha O‘zbekiston karatechilari orasida jahon chempionligini faqat Dastonbek Otabolayev qo‘lga kiritgan edi. Endi esa unga Gulshan Alimardonova ham ushbu qatordan joy oldi.

Ma’lumot uchun, Karate WKF bo‘yicha Jahon chempionati 27—30-noyabr kunlari Misrning Qohira shahrida bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston terma jamoasining 8 nafar a’zosi mazkur musobaqada qatnashdi. Musobaqa har ikki yilda bir marotaba o‘tkaziladi.