Amazon va Facebook kompaniyalari asoschilari “Liverpul” klubining aksiyalarini sotib olishi mumkin
Amazon va Facebook kompaniyalari asoschilari Jeff Bezos hamda Eduardo Saverin qator sarmoyadorlar bilan birgalikda Angliyaning “Liverpul” klubi aksiyalarining qariyb uchdan bir qismini sotib olish arafasida turibdi.
Sky News nashri xabariga ko'ra, milliarderlar o'rin olgan ushbu konsorsiumga po'lat magnati Lakshmi Mittalning kuyovi Amit Bxatiya boshchilik qilmoqda. “Liverpul”ning amaldagi xo'jayini — Fenway Sports Group (FSG) kompaniyasi mazkur yirik kelishuvni shu haftadayoq rasman e'lon qilishi kutilmoqda.
Ma'lum bo'lishicha, ushbu kelishuv doirasida klubning umumiy qiymati qariyb 4,4 milliard funt sterlingga (5,9 mlrd dollar) baholanmoqda. Agar bitim amalga oshsa, bu futbol tarixidagi eng yirik moliyaviy operatsiyalardan biriga aylanadi. Ta'kidlash joizki, “Liverpul”ni 2010-yilda xarid qilgan Fenway Sports Group (FSG) kompaniyasi so'nggi vaqtlarda asosiy boshqaruvni o'zida saqlab qolgan holda, jamoaga chetdan yangi sarmoya jalb etish variantlarini o'rganib chiqayotgan edi. Hozircha na klub rahbariyati va na investorlar tarqalgan ushbu xabarlar yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
Forbes jurnali ma'lumotlariga ko'ra, 62 yoshli Bezosning boyligi 280 milliard dollardan oshadi, Saverinning davlati esa 33 milliard dollarga baholangan. Qayd etish joiz, Amazon asoschisi avvalroq Amerika futboli klublarini xarid qilishga qiziqish bildirgan, ammo yakunda fikridan qaytgan edi.
Ma'lumot uchun, “Liverpul” ayni paytda jiddiy o'tish davrini boshdan kechirmoqda. 2025-yilgi mavsumda Premyer Liga chempionligini qo'lga kiritgan jamoani yaqindagina bosh murabbiy Arne Slot hamda yetakchi hujumchi Muhammad Saloh tark etdi. Qolaversa, jamoaning so'nggi yillardagi muvaffaqiyatlarida muhim rol o'ynagan bosh menejer Maykl Edvards ham iyul oyida o'z lavozimidan ketgandi.
Manba: Daryo.uz

