O‘zbekistonlik bokschilar Osiyo chempionatida 33 ta medal bilan umumjamoa hisobida birinchi bo‘ldi

O‘zbekistonlik bokschilar Osiyo chempionatida 33 ta medal bilan umumjamoa hisobida birinchi bo‘ldi

O‘zbekiston boks terma jamoasi Indoneziyaning Jakarta shahrida bo‘lib o‘tgan U-19 hamda U-23 yosh toifasidagi Osiyo chempionatida jami 33 ta medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida mutlaq birinchi o‘rinni egalladi. Qit’a birinchiligi bahslari joriy yilning 3–17-iyul kunlari o‘tkazildi.

Ushbu Osiyo chempionatida 20 ta mamlakatdan jami 329 nafar sportchi (68 nafar U-23 erkaklar, 91 nafar U-23 ayollar, 72 nafar U-19 qizlar, 98 nafar U-19 o‘g‘il bolalar) 10 ta vazn toifasida g‘oliblik uchun bahs olib bordi.

Musobaqada 38 nafar sportchi bilan qatnashgan O‘zbekiston terma jamoasi yakunda 21 ta oltin, 6 ta kumush va 6 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Ahamiyatlisi, o‘zbekistonlik bokschilar ham o‘g‘il bolalar, ham qizlar o‘rtasida barcha yosh toifalarida umumjamoa hisobida mutlaq peshqadam bo‘ldi.

U-19 yosh toifasidagi yigitlar o‘rtasidagi final janglari O‘zbekiston uchun o‘ta muvaffaqiyatli yakunlandi. Bu yoshdagi O‘zbekiston terma jamoasi 7 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Ushbu toifada ikkinchi o‘rinni Qozog‘iston, kuchli uchlikni esa Janubiy Koreya terma jamoasi band etdi. Ushbu yosh toifasidagi qizlar o‘rtasidagi bahslarda O‘zbekiston vakillari 4 ta oltin ва 2 ta kumush medaliga sazovor bo‘ldi. Sabrina Chakomanova (-54 kg), Sevara Mamatova (-60 kg), Rushanabonu Isoyeva (-65 kg) va Samira Turg‘unova (-75 kg) oltin medalni, Nazokat Mardonova (-51 kg) hamda Maftuna Yangiyeva (-70 kg) esa kumush medalni qo‘lga kiritdi.

U-23 yosh toifasidagi O‘zbekiston vakillari ham o‘z guruhida yetakchilik qildi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, 10 ta vazn toifasidan 4 tasida oltin, 2 tasida kumush va 3 tasida bronza medaliga ega chiqqan o‘zbekistonlik bokschilar ushbu yosh toifasida ham umumjamoa hisobida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bu borada 2-o‘rin Qozog‘iston vakillariga nasib etdi. U-23 yosh toifasidagi qizlar esa 6 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Gulsevar Ganiyeva (-51 kg), Humorabonu Mamajonova (-57 kg), Mushtariybonu Ibroximjonova (-60 kg), Sevinch Xurramova (-65 kg), Ruxshona Parpiyeva (-80 kg) va Sobiraxon Shaxobiddinova (+80 kg) oltin medal sohibiga aylandi. Rayhona Qurbonboyeva (-70 kg) kumush, Uzukjamol Yunusova (-54 kg) va Oysha Toirova (-75 kg) esa bronza medalini qo‘lga kiritdi.