Tataristondagi dron hujumida halok bo'lgan o'zbekistonliklar soni 8 nafarga yetdi, Rossiyaga maxsus ishchi guruh yuborildi
Manba: Ijtimoiy tarmoqlar
Rossiyaning Tatariston Respublikasi Nijnekamsk shahrida 10-avgust kuni tongda bir qator obyektlarga dronlar orqali hujum uyushtirilishi oqibatida 7 nafar O'zbekiston fuqarosi halok bo'lgani haqida xabar berilgandi.
O'zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabariga ko'ra, hodisa oqibatida qurilish korxonasida ishlagan 8 nafar fuqaro halok bo'lgan. Dastlabki ma'lumotlarg ko'ra, yana bir necha O'zbekiston fuqarosi turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Shavkat Mirziyoyev topshirig'iga asosan bosh vazir o'rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligida hukumat komissiyasi tashkil etildi. Komissiyaga jabrlangan fuqarolarga zarur yordam ko'rsatish, halok bo'lganlarning jasadlarini maxsus reys orqali O'zbekistonga olib kelish hamda ularning oilalariga ko'maklashish vazifalari yuklatildi.
Favqulodda vaziyatlar, Tashqi ishlar, Sog'liqni saqlash vazirliklari, Migratsiya agentligi va boshqa tashkilotlar vakillaridan iborat maxsus ishchi guruh Rossiyaga yuborildi.
Hozirda O'zbekistonning Qozon shahridagi bosh konsulxonasi va Migratsiya agentligi vakillari hodisa joyida bo'lib, Rossiya tomoni bilan hamkorlikda zarur choralarni ko'rmoqda.
Jabrlangan O'zbekiston fuqarolari haqida ma'lumot olish uchun Qozondagi bosh konsulxona: +7 965 600-79-79, Migratsiya agentligining Rossiyadagi vakolatxonasi: +7 925 750-87-57, +7 925 127-00-02 raqamlariga murojaat qilish mumkin.
Manba: Daryo.uz
