Tramp FIFA rahbariga nisbatan bosimlar fonida Infantinoni qo'llab-quvvatladi

Tramp FIFA rahbariga nisbatan bosimlar fonida Infantinoni qo'llab-quvvatladi

AQSH prezidenti Donald Tramp Yevropa futbol tashkilotlari tomonidan FIFA rahbari Janni Infantinoga nisbatan kuchayib borayotgan bosimlar fonida uning yonini olib, maxsus bayonot bilan chiqdi.

Siyosatchi o'zining Truth Social ijtimoiy tarmog'idagi sahifasida FIFA'ning amaldagi rahbariyatini o'zgartirish g'oyasini keskin qoralagan:

“Agar FIFA qandaydir sababga ko'ra o'z prezidenti Janni Infantinoni almashtirish ehtimolini ko'rib chiqsa ham, o'ta dahshatli xatoga yo'l qo'ygan bo'lardi. U ajoyib rahbar, yaqindagina avvalgilaridan to'rt barobar muvaffaqiyatliroq o'tgan Jahon chempionatini o'tkazdi. Agar u ketsa, chempionatlar boshqa hech qachon bunchalik muvaffaqiyatli va serdaromad bo'lmaydi!”, deb yozadi Donald Tramp.

Trampning ushbu qo'llab-quvvatlovchi fikrlari tashkilot atrofida yuzaga kelgan so'nggi mojarolar fonida yangradi. Ma'lumki, FIFA yaqinda tashkilotning barcha tijoriy operatsiyalari va turnirlarni o'tkazish faoliyatini o'zida birlashtiruvchi alohida tijorat tuzilmasi — FIFA Forward Enterprise loyihasini tuzishni rejalashtirgan edi.

Biroq, ushbu loyiha UEFA hamda boshqa qator futbol konfederatsiyalarining keskin tanqidiga uchradi va kuchli bosimlar ortidan FIFA ushbu rejani amalga oshirishdan voz kechishga majbur bo'ldi.

Ma'lumot o'rnida ta'kidlash joizki, Janni Infantino 2016-yildan buyon FIFAga rahbarlik qilib kelmoqda va u navbatdagi saylovda ham o'z nomzodini ilgari surishni rejalashtirgan. Tashkilot prezidentligi uchun navbatdagi saylovlar 2027-yilda bo'lib o'tishi belgilangan.