“Troya” filmidagi ko'zga tashlanmaydigan kinoxatolar: Axillesning emlash izi va Parisning tugamaydigan o'qlari
Volfgang Petersenning “Troya” tarixiy jangari filmi 2004-yilning eng kutilgan kartinalaridan biri bo'lgan. Rejissyor talqinidagi uch soatdan ortiq davom etadigan film ulkan dekoratsiyalar, shiddatli jang sahnalari va yulduzli aktyorlar tarkibi bilan tomoshabinlarni hayratga solgan. Kartina kassada muvaffaqiyat qozongan bo'lsa-da, tanqidchilar dramatik jihati sust ekanini ta'kidlab, unga turlicha baho bergan.
Yuqori budjetga qaramay, filmda tarixiy noaniqliklar va kinoxatolar anchagina uchraydi. Ayniqsa, liboslar o'sha davrga to'liq mos kelmasligi ko'p tanqid qilingan. Vaqt o'tishi bilan esa tomoshabinlar yana ko'plab mayda xatolarni ham payqay boshladi.
Filmning bosh qahramoni — mirmidonlar sardori Axilles. Uni o'sha paytda ijodining eng cho'qqisida bo'lgan Bred Pitt gavdalantirgan.
Foto: “Troya” filmidan kadr
Biroq aktyorning chap yelkasidagi emlash izi bir qancha sahnalarda yaqqol ko'rinib qoladi. Masalan, Briseida bilan chodirdagi suhbat sahnasida bu iz kichik kesilgan yara yordamida yashirilgan bo'lsa, Axillesning jasadi kuydiriladigan epizodda esa butunlay yo'qolib qoladi. Taxminlarga ko'ra, bu sahnada aktyor o'rniga unga o'xshash qo'g'irchoqdan foydalanilgan.
Yana bir xato Axillesning uzun sochlari bilan bog'liq. Troya qirg'og'iga yaqinlashayotgan kemada u askarlariga murojaat qilayotgan paytda sochlari kemaning harakatiga teskari tomonga hilpiraydi. Aslida esa kemalar yelkan yordamida aynan shamol esayotgan tomonga qarshi harakatlana olmas edi.
Zamonaviy buyumlar ham kadrga tushib qolgan
Troya qirg'og'iga tushishdan oldingi sahnalardan birida mirmidon Evdor tarixiy ko'rinishdagi zirh kiygan bo'lsa-da, oyoq kiyimining tag qismi zamonaviy poyabzallardagidek chuqur protektorli ekanini ko'rish mumkin.
Qirg'oqqa tushish sahnasida yana bir askar o'q yeb yiqilganda dubulg'asi bilan birga sun'iy sochi ham tushib ketadi.
Film davomida yoritish uskunalari aks etgan tasvirlar va suratga olish texnikasining soyasi ham bir necha bor ko'rinadi. Masalan, Axilles va Gektor jang qilayotgan paytda Gektor nayzasini yo'qotgach, qum ustida kamera kranining V harfiga o'xshash soyasi yaqqol ko'rinadi.
Qurollar bilan bog'liq xatolar
Troya devorlari yonidagi janglardan birida Gektor ortga qaytayotganda yo'lida yunon askarlarigagina xos bo'lgan o'roqsimon qalqon ko'targan jangchi paydo bo'ladi. Uning atrofida ham yunon zirhini kiygan yana bir necha jangchini ko'rish mumkin. Ehtimol, statistlar tasodifan noto'g'ri guruhga qo'shilib qolgan.
Axilles va Gektor duelida ham e'tibordan chetda qolmagan xato bor. Axilles qalqoni bilan Gektorning nayzasini sindirganida yog'och notekis sinadi. Ammo keyinchalik nayzaning bo'lagi Gektorga sanchilganda u mutlaqo tekis kesilgandek ko'rinadi.
Parisning “cheksiz” o'qlari
Film yakunida Troya yonayotgan paytda Paris Axilles va Briseidani ko'rib, ularga qarata o'q uza boshlaydi.
Qizig'i, u ilk kadrda sadoqida atigi uchta o'q bilan ko'rinadi. Shunga qaramay, Axillesga beshta o'q otadi, keyin esa oltinchi o'qni kamonga qo'yadi. Buning ustiga, sadoqda yana ikkita o'q qolganini ham ko'rish mumkin.
Bu esa “Troya”dagi eng mashhur va kulgili kinoxatolardan biri sifatida tilga olinadi.
Manba: Daryo.uz

