“Amerikada kuryer bo'lib ishladim”. Ulug'bek Qodirov nima sababdan O'zbekistondan ketgani va hozirda to'ylarda qo'shiq kuylayotgani haqida
Uzoq yillardan buyon muxlislar sog'ingan aktyor Ulug'bek Qodirov AQSHdan O'zbekistonga qaytgach, ilk marta intervyu berdi. Ijodkor suhbat davomida oilasini ommaga ko'rsatmasligi sababi, musofirchilikdagi hayoti, yetkazib berish xizmatida ishlagani hamda to'ylarda qo'shiq kuylayotgani haqida gapirdi.
Ulug'bek Qodirov ijodining eng gullagan davrida deyarli barcha aktrisalar u bilan partnyor bo'lib rol ijro etishga tayyor bo'lgan. Xo'sh, aktyorning o'zi uchun qaysi aktrisa bilan rol o'ynash qulay va unga qaysi tandem katta muvaffaqiyat olib kelgan?
Foto: Google Images
— Ko'cha-ko'yda odamlardan asosan “Telba” filmiga maqtov ko'p eshitaman. Lekin undan-da ko'pini “Fotima va Zuhra” filmidan Shahzoda bilan ijro etgan rolimdan eshitganman. Dilnoza Kubayeva professional aktrisa, kursdoshim Gulchehra Eshonqulova bor, Zilola Musayeva xonanda bo'lgani bilan “Fotima va Zuhra”da maromiga yetkazib o'ynagan. Hatto filmda yashagan. Lola Yo'ldoshevada ham tug'ma qobiliyat bor, rolga kirishib ketadi. Shu to'rtta aktrisa bilan hozir ham maza qilib rol ijro eta olaman deb o'ylayman. Lekin Zilola bilan juftligimiz ko'proq yaxshi chiqardi, deydi aktyor.
Shou-biznes vakillari orasida Ulug'bek Qodirovni qattiqqo'l oila boshlig'i deb ta'riflashadi. Aktyor oilasini ommaga ko'rsatmasligining sababi ham shundanmi?
Foto: Instagram
— Oila a'zolari kimgadir quloq solishi kerak-ku, axir. Qattiqqo'l deganda bolalarni urib, qamab qo'yadigan yomon ota emasman, albatta. Tushuntirishga harakat qilaman. Rahmatli otam ham samimiy, mehribon odam bo'lgan. Oilamni nega ommaga tanishtirmaganimga kelsak — buni xohlamayman. Farzandlarim tarbiyasida mening rolim 60 foiz. Hayotda pishsin, o'rgansin deb ko'p narsani cheklamayman ham, deydi u.
Ulug'bek Qodirov ijodining eng cho'qqisiga chiqqan paytda faoliyatida tanaffus qilib, Amerikaga ketdi va u yerda qariyb 4 yil yashadi. Buning sababi nima edi?
— Hech kim, hech narsa meni Amerikaga ketishga majbur qilmagan. Odamlar negadir meni butunlay ko'chib ketdi deb o'ylashdi. Men yoshligimdan sayohat qilishni yaxshi ko'raman. Ungacha ham okean ortiga ko'p borib kelardim. Agar u yerda qolib, yashashni orzu qilganimda boshidanoq shunday qilgan bo'lardim.
Men qiziq bir paytga tushib qoldim. Asosiy maqsadim Amerikada uzoqroq sayohat qilish edi. Har safar borganimda oilamga “Sizlarni ham olib boraman, sizlarga ham ko'rsataman”, deb va'da berardim. Bo'ydoqlik paytlarimda Universal Park'da oilasi va farzandlari bilan sayr qilib yurganlarga havas qilardim. “Xudoyim, men ham farzandlarim bilan shu yerga kelay”, deb niyat qilardim. Niyatimga ham yetdim. Ammo bu safarim karantin davriga to'g'ri kelib qoldi va o'sha yerda qolib ketdim. Aslida sayohat uchun borgan edim. Vaziyat taqozo qilgani uchun mashina oldim, o'zbek tanish-bilishlarim yordamida ijaraga uy ham topdim, deydi Ulug'bek Qodirov.
“Amerikada yetkazib beruvchi bo'lib ishladim”
— Amerikada qariyb 4 yil yashadim. Rostini aytsam, yetkazib beruvchi bo'lib ishladim. Pitssada ishlashni xohlamadim. Garchi u yerda bundan yaxshi pul topish mumkin bo'lsa-da, bu ishni qilishni istamadim. Turli kastinglarda ham qatnashib ko'rdim. Ammo buning uchun ingliz tilini juda yaxshi bilish kerak ekan. Kino orqali tarbiyaviy ma'no yetkazish men uchun muhim. Balki, musulmon bo'lganim ham vatanimga qaytish qarorimga ta'sir qilgandir. Hayotimning bu qismi men uchun juda qadrli, deydi aktyor.
“Bizda 40 yoshdan keyin aktyorlarga rol yo'q”
— Aktyorlarning eng og'riqli nuqtalaridan biri bor: Amerikada ko'plab aktyorlar 40 yoshdan keyin ham mashhurlikka erishadi. O'zbekistonda esa aktyor shu yoshga kelganda rollar kamayib ketadi. Ko'pi bilan ota, tog'a yoki amaki rollari taklif qilinadi. Chunki ssenariy ham, qahramon ham kam. Asosan yoshlarning sevgi-muhabbati haqida filmlar suratga olinadi. Natijada qolgan aktyorlar chetda qolib ketadi.
Men aslida bunday tanaffus qilishni rejalashtirmagan edim. Ammo vaziyat shunga to'g'ri keldi. Pandemiya sababli tanaffusim yanada cho'zildi. Keyin vatanimga kelib-ketdim. Oxir-oqibat kino sog'inchi va vatan sog'inchi bilan O'zbekistonga qaytdim. Kelganimdan so'ng “O'zbek arsloni” filmiga kasting topshirdim va undan o'tdim. Film sentyabr oyidan kinoteatrlarda namoyish etiladi. Bu urush haqidagi film. Unda farg'onalik partizan rolini ijro etdim, deydi u.
“Gollivuddan taklif tushsa ham rad qilishim mumkin”
Foto: YouTube
— Menga tomoshabin sifatida horror, triller janri yoqadi. Hozir onlayn platformalar uchun ham kinolar suratga olinyapti. Menga shu janrdan taklif tushsa, salbiy qahramonni ijro etishga ham rozilik beraman. Ochiq sahnalariga esa aralashmayman. Hatto Netflix'da ham kino suratga olishning shunday talablari borki, bu bizning tarbiyamizga to'g'ri kelmaydi. Gollivudning katta kinokompaniyasi taklif bilan chiqsa ham ochiq sahnalar bo'lsa, shaxsan men yo'q deb javob beraman, deydi aktyor.
“Aslida xonanda bo'lishni xohlaganman”
— Qo'shiq aytish hobbiyim. Aslida san'atga aktyor bo'laman deb kelmaganman. Konservatoriyaga borganimda musiqiy bilimim yo'qligi sabab ortimga qaytarib yuborishgan. Shundan keyingina san'at institutiga topshirganman. Kino, teatr, syomkalar bilan bo'lib, bu xohishim qalbimning bir chekkasida qolib ketgandi. Meni shunchaki mehmon sifatida to'ylarga taklif qilishadi. Kelin-kuyovni ikki og'iz tabriklab qo'yganimda, to'y egalari cho'ntagimga pul solishadi.
She'r aytishni xush ko'rmayman, evaziga nimadir qilib men ham javob qaytarishim kerak-ku. Shuning uchun professional ijodkorlar bilan studiyada qo'shiq yozdim. Hozir ham xonandalikka da'vo qilmayman, men hali ham aktyorman. Hozir nafaqat Toshkent va viloyatlarda, qo'shni davlatlardan ham xizmat takliflari tushyapti, deydi Ulug'bek Qodirov.
Manba: Daryo.uz


