“Tolibon” sobiq hukumat kuchlarining uyida tintuv o'tkazib, o'lim bilan tahdid qilmoqda
Manba: “Hashti Subh Daily”
Afg'onistonning Qandahor shahridagi mahalliy manbalarning ma'lum qilishicha, “Tolibon” so'nggi kunlarda sobiq hukumat xavfsizlik kuchlarining bir necha a'zolari uylarida tintuv o'tkazishni boshlagan.
Manbalar 10-avgust kuni Hasht-e Subh Daily nashriga bu ma'lumotni tasdiqladi. “Tolibon” Qandahor shahrining turli tumanlarida, jumladan, Ayno Mina hududida yashovchi sobiq hukumat kuchlarining bir necha vakillariga ular qat'iy kuzatuv ostida ekanini aytgan.
Manbalarga ko'ra, “Tolibon” ushbu shaxslarni ogohlantirgan. Agar ular muxolifat guruhlari bilan aloqadorlikda ayblanib hibsga olinsa, o'ldirilishi mumkin. Qo'shimcha qilinishicha, “Tolibon” sobiq hukumat harbiylaridan xorijdan turib muloqotga chiqqan yoki hamkorlik qilishni so'ragan shaxslar haqida ma'lumot berishni talab qilgan.
Boshqa bir manbaning aytishicha, “Tolibon” vakillari ikki kun oldin Qandahorning 15-tumanida joylashgan sobiq hukumat kuchlarining uylariga kirgan va tintuv qilgan.
Muxolif guruhlar 10 kun ichida 19 ta hujum uyushtirganini da'vo qildi
Bir necha “Tolibon“ga qarshi guruhlarning bildirishicha, ular oxirgi 10 kun ichida to'qqizta viloyatda 19 ta hujum uyushtirgan. Ular 33 nafar “Tolibon” a'zosini o'ldirganini va o'nlab kishini yarador qilganini da'vo qilmoqda.
“Tolibon” faqat Badaxshon viloyatining ayrim qismlarida to'qnashuvlar bo'lganini tan oldi. Shu bilan birga, ular muxolifat jangchilari postlarni egallab olgani haqidagi da'volarni rad etdi. “Tolibon” aytilgan talafotlar yoki boshqa hujumlar bo'yicha izoh bermadi.
“Afg'oniston ozodlik fronti” 30-iyuldan 9-avgustgacha bo'lgan davrda yettita hujum uyushtirganini bildirdi. Front Badaxshon, Qunduz, Nangarhor va Faryob viloyatlarida 16 nafar “Tolibon” a'zosini o'ldirgani va 19 kishini yarador qilganini da'vo qildi. Shuningdek, front Badaxshondagi bir nechta “Tolibon” nazorat-o'tkazish punktlarini vaqtincha egallaganini aytdi.
“Afg'oniston birlashgan fronti” alohida ravishda xuddi shu davrdagi 10 ta hujum uchun mas'uliyatni o'z zimmasiga oldi. Tashkilot Bog'lon, Faryob, Qandahor, Hilmand, Bodg'is, Badaxshon va G'or viloyatlaridagi operatsiyalarda 15 nafar “Tolibon” a'zosi o'ldirilgani va 15 kishi yaralangani haqida ma'lum qildi.
“Milliy qarshilik fronti” ham o'z jangchilari 30-iyul kuni Hirotdagi hujumda ikki nafar “Tolibon” a'zosini o'ldirganini da'vo qildi. Sobiq vitse-prezident Amrulloh Solih boshchiligidagi “Yashil oqim” harakatining harbiy qanoti esa 8-avgust kuni Solang dovonida “Tolibon”ning yonilg'i karvonini nishonga olganini aytdi.
“Tolibon” faqat Badaxshonning Zebok va Yaftali Payin tumanlarida to'qnashuvlar bo'lib o'tganini tasdiqladi. Ular muxolif kuchlar nazorat-o'tkazish punktlarini egallab olgani haqidagi xabarlarni rad etdi.
Yaqinda qilgan chiqishida “Tolibon”ning Badaxshondagi gubernatori Muhammad Ismoil G'aznaviy qurolli muxolifat hokimiyatga putur yetkazishga qodir emas, deb munosabat bildirdi.
“Men ham tashqi, ham ichki dushmanlarga aytamanki, agar ular Islom tizimini yoki Afg'oniston barqarorligini buzishni orzu qilayotgan bo'lsa, bu orzularini go'rga olib ketishadi”, dedi u.
Avvalroq “Tolibon” Badaxshonda namoyishchilarni o'qqa tutishi oqibatida to'rt kishi halok bo'lgani haqida xabar berilgandi.
Manba: Daryo.uz


