Muammoli kreditlarning 70 foizdan ortig'ini davlat banklari ajratgan — Markaziy bank

Muammoli kreditlarning 70 foizdan ortig'ini davlat banklari ajratgan — Markaziy bank

Manba: “Daryo”

O'zbekistonda muammoli kreditlarning 70 foizdan ortiq qismini davlat banklari ajratgan. Bunga oid raqamlar Markaziy bank e'lon qilgan tahlilda keltirilgan.

2026-yil 1-iyul holatiga ko'ra, respublikadagi banklarning muammoli kreditlari miqdori 22,94 trln so'mni tashkil etgan. Shundan qariyb 16,44 trln so'mi davlat banklari berib, qaytara olmayotgan qarzlar hisoblanadi.

Eng ko'p muammoli kreditlar O'zmilliybankda — 3,2 trln so'm. Keyingi o'rinlarni Agrobank (3,19 trln so'm), O'zsanoatqurilishbank (1,98 trln so'm), Asaka bank (1,9 trln so'm) va Mikrokreditbank (1,8 trln so'm) egallagan. O'z navbatida Xalq banki (1,5 trln so'm) va Biznesni rivojlantirish bankiga (1,48 trln so'm) qaytarilmayotgan qarzlar ulushi yuqori hisoblanadi.

Oxirgi bir yilda davlat banklari orasida Mikrokreditbank ajratgan qarzlarning muammoli qismi nisbatan yuqori — 613 mlrd so'mga ko'paygan. Shu bilan birga, Aloqabankka qayotarilmayotgan kreditlar bir yilda 401 mlrd so'm, Agrobankniki esa 394 mlrd so'mga oshgan. Davlat banklari orasida O'zsanoatqurilishbank muammoli kreditlar ulushini 562 mlrd so'mga, Xalq banki 346 mlrd so'mga kamaytirishga erishgan.

Muammoli kreditlarning 6,5 trln so'mi xususiy banklar hissasiga to'g'ri keladi. Jumladan, o'z muddatida qaytarilmagan qarzlarning 1,1 trln so'mini Ipotekabank ajratgan. Yana 1 trln so'mi Tibisi bank, 901 mlrd so'mi Anrobank, 822 mlrd so'mi Kapital bank undira olmayotgan kreditlar hisoblanadi. Qolgan xususiy banklar muammoli kreditlari yarim mlrd so'mdan kam.

So'ngi bir yilda xususiy banklar orasida Anorbank ajratgan kreditlarning muammoli qismi 586 mlrd so'mga, Tibisi bankniki 582 mlrd so'mga ko'paygan. Bu davrda Ipoteka bank muammoli qarzlar ulushini 1,2 trln so'mga, Kapital bank esa 1,1 trln so'mga kamaytirishga erishgan.

Avvalroq O'zbekiston aholisining banklardan olgan kreditlari qoldig'i bir yilda 39,5 trln so'mga ko'paygani ma'lum qilingandi.