Ruminiya qo'ng'ir ayiqlar soni ko'paygani sabab ovlash kvotasini ikki baravar oshirdi
Manba: straitstimes.com
Ruminiya hukumati mamlakatdagi qo'ng'ir ayiqlar sonini nazorat qilish va odamlar xavfsizligini ta'minlash maqsadida ayiq ovlash bo'yicha yillik kvotani deyarli ikki baravar oshirdi. Biroq ekologlar va tabiatni muhofaza qiluvchi mutaxassislar bu chora ayiqlarning aholi yashash hududlariga kirib kelishi muammosini bartaraf etmasligini ta'kidlamoqda. Bu haqda Reuters yozmoqda.
Ruminiyaning mashhur Transfegerashan tog' yo'lida atigi uch soat ichida kamida 20 ta qo'ng'ir ayiq o'rmondan chiqib, avtomobillar yoniga kelgan. Sayyohlar esa taqiqlovchi ogohlantirishlarga qaramay, ayiqlarni oziqlantirib, ular bilan suratga tushgan.
Mazkur yo'l bo'ylab o'rnatilgan belgilar yovvoyi hayvonlarni oziqlantirish noqonuniy ekani va buning uchun katta miqdorda jarima belgilanganini eslatadi. Shunga qaramay, ko'plab sayyohlar bu qoidalarga amal qilmayapti.
Ruminiya Atrof-muhit vazirligining dastlabki DNK tadqiqotlariga ko'ra, mamlakatda 10 mingdan 13 mingtagacha qo'ng'ir ayiq yashaydi. Bu Rossiyadan tashqari Yevropadagi eng yirik qo'ng'ir ayiq populyatsiyasi hisoblanadi.
So'nggi yillarda ayiqlarning odamlar bilan to'qnashuvi tobora ko'paymoqda. Mutaxassislar bunga shaharlarning kengayishi va iqlim o'zgarishi oqibatida tabiiy yashash muhitining qisqarishi sabab bo'layotganini aytmoqda. Oziq-ovqat izlagan ayiqlar endi muntazam ravishda qishloq va shaharlarga kirib kelmoqda.
Ruminiya Atrof-muhit vazirligi ma'lumotlariga ko'ra, so'nggi 20 yil ichida ayiq hujumlari oqibatida qariyb 30 kishi halok bo'lgan.
Mutaxassislar: muammo ovda emas, qonunlar ijrosida
Yangi qonunga ko'ra, Ruminiya 2026 va 2027-yillar uchun qo'ng'ir ayiqlarni ovlash kvotasini 900 boshga yaqin miqdorgacha oshirdi.
Biroq ekologlar bunga qarshi chiqmoqda. Ularning fikricha, ovchilar asosan o'rmondagi yirik trofey ayiqlarni ovlaydi, aholi yashash joylariga oziq izlab kirayotgan urg'ochi ayiqlar va bolalariga esa deyarli tegmaydi.
Ruminiyadagi Libearty ayiq qo'riqxonasining rahbari Kristina Lapisning aytishicha, ayiqlar ko'pincha yo'l bo'ylariga va aholi punktlariga kelayotgan bir paytda ularni chuqur o'rmonlarda ovlash muammoni hal qilmaydi.
2021-yildan buyon Ruminiyada mahalliy hokimiyatlarga odamlarning hovlisi yoki uyiga kirgan ayiqlarni otib tashlash vakolati ham berilgan.
Shu bilan birga, Climate Adaptation Platform Association tashkiloti vakili Siprian Galushka mavjud qonunlar yetarli darajada bajarilmayotganini aytdi. Uning so'zlariga ko'ra, ayiqlarni oziqlantirganlik uchun jarimalar, chiqindilarni to'g'ri saqlash talablari va elektr to'siqlar o'rnatish uchun ajratiladigan subsidiyalar amalda samarali qo'llanmayapti.
Mutaxassislar fikricha, ayiqlar sonini qisqartirishdan ko'ra, mavjud qoidalar ijrosini kuchaytirish odamlar va yovvoyi hayvonlar o'rtasidagi to'qnashuvlarni kamaytirishda samaraliroq bo'lishi mumkin.
Manba: Daryo.uz


