Xitoy Arktika orqali yuk qatnovini muntazam yo‘lga qo‘ydi

Xitoy Arktika orqali yuk qatnovini muntazam yo‘lga qo‘ydi

Manba: Financial Times


Xitoyning Sea Legend kompaniyasi shu haftadan boshlab Arktika orqali ilk muntazam yuk qatnovini yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda Financial Times xabar berdi.

Kema haftada bir marta “Muz ipak yo‘li” deb nomlangan yo‘nalish bo‘ylab Xitoy sharqidagi Ninbo portidan Buyuk Britaniyadagi Felikstou portiga qatnaydi. Odatda bu ikki port orasidagi masofa 40 kunda bosib o‘tiladi. Arktika orqali esa bu muddat qariyb ikki baravar qisqarishi kutilmoqda.

Starboard Maritime Intelligence tahlilchisi Mark Duglasning tushuntirishicha, hozirda Qizil dengiz va Bob al-Mandab bo‘g‘ozi orqali suzish xavfli bo‘lib qolgan. Shu sababli Arktika yo‘nalishi vaqtni sezilarli darajada tejash imkonini beradi:

“Boshqa muqobil variant esa faqat Afrika qit’asini aylanib o‘tishdir”, deydi u.

Iyul oyida Yaman husiylari Saudiya Arabistoniga dengiz blokadasini e’lon qildi hamda ushbu mamlakat portlariga ketayotgan kemalarga hujum qilish bilan tahdid qildi. 27-iyul kuni Saudiya neft infratuzilmasiga qilingan bir necha hujumdan so‘ng Qizil dengizni Adan ko‘rfazi bilan bog‘laydigan Bob al-Mandab bo‘g‘ozi orqali xomashyo tashiyotgan kemalar qatnovi keskin pasaydi.

Yoz mavsumida Arktikadagi muzlarning erishi kemalarga u yerdan erkinroq harakatlanish imkonini beradi. Muntazam qatnovni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi qaror 2025-yilning yozida Shimoliy dengiz yo‘li orqali rekord darajadagi — 23 ta tashuv amalga oshirilganidan so‘ng qabul qilingan. Taqqoslash uchun 2024-yilda bu ko‘rsatkich 15 tani tashkil etgandi.

Avvalroq Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘li Yevropagacha uzaytirilishi mumkinligi ma’lum qilingandi. Qahramonmarash Sutchu Imom universiteti professori To‘g‘rul Ismoil temiryo‘l O‘zbekiston orqali Kaspiy dengiziga, so‘ngra Ozarbayjon va Turkiya orqali Yevropa mamlakatlariga ulanishi ehtimoli haqida gapirgan.

Оставить комментарий


Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив