Ronalduning nikohi haqidagi mish-mishlar sabab 2 mingdan ortiq muxlis begona to'yga keldi (video)
O'tgan shanba, 8-avgust kuni Krishtianu Ronalduning to'yini kutgan bir guruh muxlislari uning ona shahri – Madeyra orolidagi Funshal soborini qurshab oldi. Biroq o'sha kuni cherkovda ikki nafar mahalliy fuqaro nikohdan o'tayotgan bo'lib chiqdi.
8-avgust kuni ertalab Ronaldu va uning sevgilisi Jorjina Rodrigesning shu yerda turmush qurishi haqida tabloidlar tarqatgan yolg'on xabarlardan so'ng sobor oldida 2 mingdan ortiq odam to'plandi. Mahalliy OAVning yozishicha, juftlik to'y bazmi uchun sobor yaqinidagi besh yulduzli Savoy Palace mehmonxonasini ham band qilib qo'ygan.
Ammo muxlislar futbolchining emas, balki Fabio Ramos va Fotima Nikol Kunya Teysheyralarning nikoh marosimiga tashrif buyurdi. Yosh kelin-kuyov qarindoshlari va do'stlari bilan birga nikoh o'qiladigan soborga kirish uchun olomonni yorib o'tishga majbur bo'ldi.
“Bu aqlga sig'maydi. Nega hamma Fabioni Krishtianu Ronaldu deb o'ylayapti? Kelin bu tartibsizlik to'yini buzib qo'yishidan qo'rqib, juda xafa bo'lyapti”, dedi mehmonlardan biri.
Funshal sobori ruhoniysi Markos Gonsalves o'sha kuni boshqa marosimlar rejalashtirilmaganini tasdiqladi:
“Bugun bu yerda bo'lib o'tadigan yagona nikoh marosimi shu. Menda Krishtianu Ronaldu uchun buyurtma yo'q”.
Ronalduning o'zi esa bu voqeaga munosabat bildirib, ijtimoiy tarmoqlardagi nikoh marosimi videosi ostida kulayotgan smayliklar qoldirdi.
Eslatib o'tamiz, Ronaldu va Rodriges 2016-yildan beri birga bo'lib, besh nafar farzandni tarbiyalaydi: kichik Krishtianu, surrogat onadan tug'ilgan egizaklar Yeva va Mateo, hamda ikki qizi — Alana Martina va Bella Esmeralda.
Juftlik o'tgan yilning avgust oyida unashtirilganini e'lon qilgandi. O'shanda Jorjina Rodriges hashamatli nikoh uzugini ko'rsatib, Krishtianuga rozilik berganini ma'lum qilgandi. Shundan so'ng futbolchi qaylig'ini bir necha bor qimmatbaho sovg'alar — Porsche Taycan elektromobilidan tortib, eksklyuziv soatlar, dizaynerlik sumkalari va kiyimlari bilan xursand qilgandi.
Manba: Daryo.uz




