Sahnada olamshumul shon-shuhratga erishgan bo'lsa-da, hayotda o'ta baxtsiz bo'lgan qo'shiqchi — Uitni Hyustonning fojiali taqdiri

Sahnada olamshumul shon-shuhratga erishgan bo'lsa-da, hayotda o'ta baxtsiz bo'lgan qo'shiqchi — Uitni Hyustonning fojiali taqdiri

Afsonaviy xonanda Uitni Hyuston hayoti tashqaridan qaraganda muvaffaqiyat, shon-shuhrat va millionlab muxlislar bilan to'la edi. Biroq sahna ortida uning hayoti bolalikdagi ruhiy jarohatlar, giyohvandlik, murakkab oilaviy munosabatlar va shaxsiy fojialar bilan kechgan. Yulduzning o'zi duch kelgan muammolar keyinchalik qizi Bobbi Kristina Braun taqdirida ham takrorlandi. Quyida Uitni Hyuston hayotining eng og'ir va fojiali sahifalarini yoritamiz.

2018-yilda namoyish etilgan “Uitni” hujjatli filmida yulduzga yaqin manbalarning aytishicha, Uitni Hyuston bolaligida ruhiy jarohat olgan va umrining oxirigacha bundan azoblangan.

Hyustonning yordamchisi Meri Jonsning so'zlariga ko'ra, xonandaning xolavachchasi Di Di Uorvik qizga zo'ravonlik qilgan — Uorvik Uitnidan 18 yosh katta edi. Hyuston akasi Gari u ham Uitni kabi bolaligida oila a'zolaridan biri tomonidan zo'ravonlikka uchraganini aytgan, ammo uning aniq ismini sir tutgan. Bu voqealar, ehtimol, Uitni va Garining onasi Sissi Hyuston gastrol safarida bo'lganida sodir bo'lgandir. Aynan shu qo'rquv keyinchalik Hyustonning gastrol safarlarida qizi Bobbi Kristina Braunni o'zi bilan olib yurishiga turtki bo'lgan. Jons, shuningdek, Uitnining giyohvand moddalar iste'mol qilishi bilan bog'liq muammolari uning bolalik davridagi jarohati bilan ham bog'liqligini ta'kidlagan.

Uitnining stilisti Allin Lavardning aytishicha, xonanda akalari bilan birga giyohvand modda iste'mol qilgan, bunday zararli odatni unga aynan akalari o'rgatgan. Hyustonning akasi Maykl qo'shiqchini oq kukun bilan tanishtirganini tan oladi. Lavarning ta'kidlashicha, u ko'p yillar davomida qo'shiqchini davolanishga ko'ndirmoqchi bo'lgan, ammo barchasi behuda ketgan. Uitni dozani oshirib yuborganiga guvoh bo'lgan uning tansoqchisi Devid Roberts jamoaga xonandaning giyohvand moddalar bilan bog'liq jiddiy muammosi borligini aytganida, u shunchaki ishdan bo'shatiladi.

Uitni shon-shuhrat cho'qqisida yashadi, lekin u bunday hayotdan jirkanardi. U hayotda o'ziga hech qanday aloqasi bo'lmagan rolni o'ynashga majbur edi.

“100 foiz o'zi bo'la olmaslik uning uchun dahshatli yuk edi. Hammaning ko'z oldida chiroyli va kuchli bo'lib ko'rinishingiz mumkin, lekin ichingizda ishonchsizlik, shaxsiy muammolar va qiyinchiliklarni yashirishga majbursiz”, deydi insayder.

Uning qo'shimcha qilishicha, Hyuston afsonaviy prodyuser Klayv Devis bilan shartnoma imzolaganidan so'ng uning aytganini qilishi, aytganini kiyishi, u xohlagan qo'shiqni kuylashi va yaxshi qiz bo'lishi kerak edi. Uitni, albatta, bundan norozi edi, lekin u prodyuserning qoidalariga so'zsiz bo'ysunadi. Ehtimol, shu narsa ham xonandaning giyohvandlikka berilib ketishiga sabab bo'lgandir.

Hyustonlar oilasiga yaqin bo'lgan odamning aytishicha, giyohvand moddalarni iste'mol qilishi uning benuqson imiji va uni nazorat qilishga uringan odamlarga qarshi isyoni bo'lgan. Biroq bu vaqt o'tgan sari xonanda giyohvand moddalarga qaram bo'lib qoladi va kundan kunga ahvoli yomonlashadi. Shundan so'ng yulduzning yordamchilari unga xohlagan narsani qilishga ruxsat berishadi. Ular Uitni o'ziga qarshi chiqmoqchi bo'lganlarni ishdan bo'shatishidan qo'rqishardi.

Uitni giyohvand moddalarni turmush o'rtog'i, mashhur qo'shiqchi Bobbi Braun bilan birgalikda iste'mol ham qilgan. Bobbi Braun o'zining kitobida ular buni ko'pincha kichkinagina qizi Bobbi Kristina Braunning ko'z oldida qilishlarini yozgan. Yulduz homiladorligida giyohvand moddalardan voz kechadi, lekin qizi tug'ilgandan so'ng hammasi qaytadan boshlanadi.

“Qizimiz shularning ichida katta bo'ldi. U ota-onasi giyohvand moddalar ta'sirida sarxush ekanligini ko'rdi. Biz undan uzoqroq turishga harakat qilardik, lekin hushyor bo'lganimizda uni ko'rishimiz qiyin edi. Bu ko'p yillar davom etdi. Qizimiz hammasini ko'rdi. Hozir bu haqda o'ylaganimda, qattiq og'riqni his qilaman”, deb eslaydi Braun.

Bundan tashqari, juftlik bir-biriga bir necha bor xiyonat qilgan. Braunning so'zlariga ko'ra, Uitni ko'plab prodyuser va artistlar bilan yaqin munosabatda bo'lgan. Ammo u biror-bir aniq ismni aytmagan.

Aytishlaricha, er-xotin nikohining buzilishiga Braunning rashki sabab bo'lgan. 1992-yilda Hyustonga ulkan shon-shuhrat keltirgan “Tansoqchi” filmi ekranlarga chiqqach, mashhurlikda erini yo'lda qoldirib ketadi. Braunga esa bu yoqmagan. Devid Robertsning ta'kidlashicha, Braun xotinini haqorat qilgan va kaltaklagan, lekin Uitni hammasini kechirib, g'ururini bir chetga surishga harakat qilgan. Uning fikricha, agar qo'shiqchi Braun bilan yashamaganida hali tirik bo'lardi. 2007-yilda er-xotin rasman ajrashdi, qiziga vasiylik huquqi Hyustonga berildi. Shundan keyin u giyohvand moddalarni tashlashga harakat qildi va davolana boshladi, lekin, afsuski, bu unga yordam bermadi.

2012-yilning 11-fevralida Uitni Hyuston Beverli-Xillz mehmonxonasining yuvinish xonasida “Gremmi” mukofotining taqdirlash marosimi oldidan hushsiz holda topildi. Uning hayotini saqlab qolishning iloji bo'lmadi. O'lim sabablari cho'kish, yurak kasalliklari va giyohvandlik deb rasmiylashtiriladi. Rasmiy xabarlarga qaramay, yulduzning sobiq eri uning yuragi azoblangani sababli vafot etganini ta'kidlaydi. Ammo u nimani nazarda tutgani aniq emas.

Mashhur ona fojiali taqdiri uning qizi Bobbi Kristina Braunda ham takrorlandi. 2015-yilning 31-yanvarida uning turmush o'rtog'i Nik Gordon (aslida uning o'gay akasi bo'lib, ancha yillar oldin Uitni Gordonni asrab olgan edi) qizni o'z uyidagi yuvinish xonasidan topdi. Unga qayta tiklanmaydigan miya shikastlanishi tashxisi qo'yildi. Yulduzning qizi sun'iy komaga tushib, uni bir necha oy maxsus uskunalarda tirik ushlab turishdi. Biroq uning salomatligi yomonlasha boshladi va iyul oyida vafot etdi. Sud-tibbiy ekspertiza Bobbi Kristina Braunning o'limiga giyohvand moddalar va cho'kish sabab bo'lganini ma'lum qildi. Biroq uning o'limi tasodifiymi yoki qasddanmi, noma'lumligicha qoldi. Qizning tanasida ko'karish va chandiqlar bo'lgan, lekin hech kim bunga izoh bermagan. Omma esa qizning o'limiga eri aloqador bo'lishi mumkinligi haqida gapira boshladi.

Bobbi Kristinaning yaqinlari uning Gordon bilan bo'lgan munosabatlariga qarshi bo'lgan – eri uni qattiq nazoratda ushlaydi, qarindoshlari bilan gaplashishni taqiqlagan, deb hisoblashardi. Buvisi Sissi Hyuston 2013-yilda Gordonga turmushga chiqmasligini so'rab nevarasiga ochiq xat yozgan. Shunga qaramay, ular so'zidan qaytmadi — qizning fojiali o'limidan 3 kun oldin 9-yanvar kuni turmush qurishdi. Qarindoshlarining aytishicha, ular Bobbi Kristina komada bo'lganida eriga kasalxonada bo'lishini, keyinchalik dafn marosimida qatnashishni ham taqiqlashgan. Gordon bir necha bor zo'ravonlik va sevgilisining o'limiga aloqadorligi haqidagi ayblovlarini rad etgan. Uning so'zlariga ko'ra, u o'sha mudhish kunda uni jonlantirishga harakat qilgan.

2015-yilning yozida Bobbi Kristina Braunning sud tomonidan tayinlangan vasiysi Gordonga qarshi o'limga aloqadorlik aybi bilan 10 million dollarlik da'vo ishi qo'zg'atadi. Unda aytilishicha, o'sha fojiali kunda Gordon xotinini kaltaklagan, keyin esa uning hisob raqamidagi pullarni o'g'irlagan. 2016-yilda sud Gordonga hukm chiqardi — unga Bobbi Kristinaning oilasiga 36 million dollar to'lash majburiyati yuklatildi.