Qirg'izistonda xorijliklarga surrogat onalikdan foydalanish cheklanishi mumkin

Qirg'izistonda xorijliklarga surrogat onalikdan foydalanish cheklanishi mumkin

Manba: Ranking.kz

Qirg'izistonda xorij fuqarolarining surrogat onalikdan foydalanishini cheklash taklif etilmoqda. Tegishli qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo'yilgani haqida “24 kg” xabar berdi.

Tashabbus mualliflari “Fuqarolar salomatligini muhofaza qilish to'g'risida”gi qonunning 104-moddasiga o'zgartish kiritishni taklif qilmoqda. Hujjatga ko'ra, mamlakat hududida surrogat onalik shartnomalarini faqat Qirg'iziston Respublikasi fuqarolari tuzishi mumkin bo'ladi.

Biroq qonunda istisno ham nazarda tutiladi. Xorijlik bilan rasmiy nikohda bo'lgan Qirg'iziston fuqarosi ushbu xizmatdan foydalanish huquqiga ega bo'ladi. Hozirgi amaldagi qonunchilikda tibbiy ko'rsatmalar bo'yicha va notarial tasdiqlangan shartnoma asosida surrogat onalikka ruxsat berilgan. Unda chet el fuqarolari uchun bunday taqiq mavjud emas.

Qonun loyihasining tushuntirish xatida ta'kidlanishicha, bu o'zgarishlar xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish uchun zarur. Shuningdek, xorijliklar tomonidan surrogat onalikdan tijorat maqsadida foydalanishni cheklash ko'zda tutilgan.

Ma'lumot uchun, O'zbekistonda surrogat onalikning huquqiy normalari hali to'liq ishlab chiqilmagan. Oila kodeksida surrogat onalik orqali tug'ilgan bolaga nisbatan faqat ota-onalikni aniqlash tartibi belgilangan.

Surrogat onalik — yordamchi reproduktiv texnologiya bo'lib, unda genetik ota, genetik ona va surrogat ona ishtirok etadi.

Italiya — taqiqlangan, katta jarima va jazoga sabab bo'ladi, biroq chet elda ruxsat etilgan bo'lsa, javobgarlik qo'llanilmaydi.

Fransiya — noqonuniy, surrogat onalik shartnomasi haqiqiy emas deb topiladi, chet elda tug'ilgan bolalarga fuqarolik berilmaydi.

Germaniya — jinoyat hisoblanadi, javobgarlikka shifokor tortiladi.

Buyuk Britaniya — faqat altruistik surrogat onalikka ruxsat berilgan, bola biogenetik ota-onaning qonuniy farzandi sifatida tan olinadi.